Yuklangan fayl
Tezis3_IIV_akademiya_konferensiya.docx
Raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy tahlili hamda kriminologik ahamiyati.
Husanova Iroda Ilhomjon qizi
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishi magistranti
Annotatsiya.Ushbu tezisda kiberjinoyatlarni tergov qilishda raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy asoslari hamda ularning kriminologik o‘ziga xosliklari tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi raqamli ma’lumotlarning protsessual maqbulligini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish, xesh-qiymatlar orqali dalillar daxlsizligini kafolatlash hamda tergov harakatlarida shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilishning huquqiy yechimlarini ishlab chiqishdan iborat.
Kalit so‘zlar: kiberjinoyat, raqamli dalillar, dalillarni to’plash va tekshirish, raqamli kriminalistika, dalillarning maqbulligi, shaxsiy hayot daxlsizligi.
Аннотация. В данной работе анализируются теоретические и правовые основы сбора и проверки цифровых доказательств при расследовании киберпреступлений и их криминологической специфики. Цель исследования – усовершенствование механизмов обеспечения процессуальной допустимости цифровых данных, гарантирование целостности доказательств с помощью хэш-значений и разработка правовых решений для защиты частной жизни в следственных действиях.
Ключевые слова: киберпреступность, цифровые доказательства, сбор и проверка доказательств, цифровая криминалистика, допустимость доказательств, конфиденциальность.
Abstract. This thesis analyzes the theoretical and legal foundations of collecting and verifying digital evidence in the investigation of cybercrimes and their criminological specifics. The purpose of the study is to improve mechanisms for ensuring the procedural admissibility of digital data, guarantee the integrity of evidence through hash values, and develop legal solutions to protect privacy in investigative actions. Keywords: cybercrime, digital evidence, collection and verification of evidence, digital forensics, admissibility of evidence, privacy.
Kirish. Zamonaviy jinoyat-protsessual faoliyatda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi isbot qilish institutining an’anaviy arxitekturasini tubdan transformatsiya qilmoqda. Kiberjinoyatchilikning transchegaraviy va eksterritorial tabiati, raqamli izlarning o‘ta o‘zgaruvchanligi hamda virtual makondagi identifikatsiya muammolari JPK 85-moddasida belgilangan dalillarni to‘plash va tekshirish metodikasini yangilashni taqozo etadi.
Raqamli dalillarni to‘plash jarayoni moddiy obyektni jismoniy egallashdan ko‘ra, virtual axborotni mantiqiy darajada aniqlash, uning yaxlitligini xesh-qiymatlar orqali tasdiqlash va bitma-bit nusxa ko‘chirish kabi murakkab texnik-huquqiy bosqichlarni qamrab oladi. Shu nuqtai nazardan, tadqiqotning dolzarbligi raqamli ma’lumotlarni an’anaviy ashyoviy dalillardan farqlovchi “raqamli kod” tabiatini huquqiy standartlashtirish va tergov harakatlarini kiber-kriminalistik talablarga muvofiqlashtirish bilan belgilanadi.
Ushbu jarayonda asosiylik va protsessual kafolatlar muvozanatini ta’minlash, ya’ni shaxsning konstitutsiyaviy daxlsizlik huquqini buzmasdan, raqamli identifikatsiya zanjirini tiklash mexanizmlarini yaratish bugungi kunning ustuvor vazifasidir.
Asosiy tahlil. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasiga muvofiq, isbot qilish jarayoni dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash bosqichlaridan iborat bo‘lib, ushbu bosqichlar o‘zaro uzviy bog‘liq holda amalga oshiriladi. Mazkur jarayonning dastlabki va hal qiluvchi bosqichi aynan dalillarni to‘plash hisoblanadi, chunki keyingi barcha protsessual harakatlar aynan to‘plangan dalillarga tayanadi.
JPKning 87-moddasida dalillarni to‘plash surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan tergov hamda sud harakatlarini o‘tkazish orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu norma mazmunidan kelib chiqib, dalillarni to‘plash jarayoni uchta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi: dalillarni aniqlash, ularni protsessual tartibda mustahkamlash hamda olib qo‘yish. Raqamli muhitda dalil jismoniy obyekt emas, balki elektron shakldagi ma’lumot — ya’ni raqamli kodlar majmuasidan iborat bo‘ladi. Raqamli dalillarni to‘plash jarayonida, avvalo, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan elektron ma’lumotlar manbai aniqlanadi. Bu jarayon an’anaviy obyektni topishdan farqli ravishda, IP-manzillar, log-fayllar, foydalanuvchi faoliyati izlari kabi mantiqiy axborotlarni aniqlashni nazarda tutadi. Raqamli dalillar "oson o‘zgaruvchan" (volatile) tabiati tufayli ularni aniqlash va saqlashda soniyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Orin Kerr raqamli dalillarni to‘plashni uchta asosiy bosqichga ajratadi:
•Uchinchi shaxslardan ma’lumot olish: Tergovchi dastlab provayderlar (ISP), banklar yoki bulutli xizmatlardan saqlanayotgan ma’lumotlarni so‘rab oladi.
•Istiqbolli kuzatuv (Prospective Surveillance): Agar o‘tmishdagi izlar o‘chib ketgan bo‘lsa, kelajakdagi trafikni monitoring qilish va qayd etish moslamalari o‘rnatiladi.
•Maqsadli qurilmani ekspertiza qilish: Gumonlanuvchining kompyuteri yoki mobil qurilmasini bevosita tintuv qilish va undagi ma’lumotlarni tahlil qilish.
Raqamli dalillarni to‘plash bosqichi yakunlangach, jinoyat ishini yuritishda navbatdagi muhim jarayon — ularni tekshirish masalasi yuzaga keladi. Mazkur bosqichning asosiy vazifasi to‘plangan raqamli ma’lumotlar orasidan ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlash, ularni tahlil qilish va protsessual jihatdan mustahkamlashdan iboratdir. Shu nuqtai nazardan, “tekshirish” tushunchasining huquqiy tabiati va uning Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tergov harakatlari bilan o‘zaro nisbati alohida ilmiy tahlilni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 135–139-moddalarida tartibga solingan ko‘zdan kechirish tergov harakati sifatida jinoyat izlarini aniqlash, voqea joyi va ashyolarning holatini o‘rganishga qaratilgan. An’anaviy huquqiy yondashuvda ko‘zdan kechirish tergovchining bevosita sezgi a’zolari orqali idrok etishiga asoslanadi. Biroq raqamli dalillar tabiatining o‘ziga xosligi ushbu yondashuvni to‘liq qo‘llash imkonini bermaydi.
Raqamli dalillarni tekshirish maxsus dasturiy vositalar va texnik bilimlarga asoslangan kompleks tahlil jarayoni sifatida namoyon bo‘ladi. Amaliyotda bu jarayon dastlabki tahlil (tergovchi va mutaxassis ishtirokida) hamda chuqur texnik tadqiqot (sud ekspertizasi) bosqichlaridan iborat bo‘lib, o‘zida tergov va ekspert faoliyati elementlarini mujassam etadi.
Ilmiy yondashuv. Tadqiqot doirasida raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy tabiatini aniqlash maqsadida bir qator konseptual ilmiy yondashuvlar ilgari surildi.
Birinchidan, isbot qilish metodologiyasining transformatsiyasi asoslab berildi. Raqamli dalillarni to‘plash jarayoni an’anaviy “jismoniy egallash” modelidan “virtual nusxalash” modeliga o‘tishi ilmiy jihatdan isbotlandi. Shu nuqtai nazardan, Jinoyat-protsessual kodeksining 87-moddasi doirasida raqamli dalillarni fiksatsiya qilishning huquqiy asosi sifatida jismoniy muhrlash emas, balki ma’lumotlarning matematik yaxlitligini ta’minlovchi xesh-qiymatlar ustuvorligi nazariy jihatdan asoslandi.
Ikkinchidan, kriminalistik izlar nazariyasining yangi talqini ishlab chiqildi. Tadqiqotda “iz” tushunchasining an’anaviy moddiy shakldan mantiqiy-raqamli shaklga o‘tishi tahlil qilinib, raqamli izlarning o‘ta o‘zgaruvchanligi inobatga olingan holda tergov faoliyatida “tezkor fiksatsiya qilish” prinsipi hamda ma’lumotlarni bitma-bit nusxalash (imaging) standarti ilmiy muomalaga kiritildi.
Uchinchidan, kiberjinoyat subyektini aniqlashga qaratilgan identifikatsiya jarayonining uch bo‘g‘inli tizimi asoslandi. An’anaviy yondashuvlardan farqli ravishda, “virtual shaxs – qurilma – jismoniy shaxs” zanjiri ishlab chiqilib, unda IP-manzillar, MAC-manzillar va biometrik ma’lumotlar kabi identifikatorlar faqat o‘zaro bog‘liqlikda baholangandagina protsessual isbot kuchiga ega bo‘lishi ko‘rsatib berildi.
To‘rtinchidan, raqamli dalillarni tekshirish jarayonida huquqiy va texnik bilimlar sintezi zarurligi asoslandi. Mazkur jarayon an’anaviy “ko‘zdan kechirish” tergov harakati doirasidan chiqib, maxsus texnik vositalar va bilimlarga asoslangan murakkab tahlilni talab etishi bilan tavsiflanadi. Shu sababli, raqamli tekshiruvning huquqiy tabiati tergov va ekspert faoliyati elementlarini o‘zida mujassam etgan kompleks protsessual jarayon sifatida izohlandi.
Beshinchidan, protsessual kafolatlarning kiber-etik standarti ishlab chiqildi. Xususan, raqamli dalillarni to‘plash jarayonida shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash maqsadida “relevanthik filtri” konsepsiyasi ilgari surilib, unga ko‘ra tergov organlari tomonidan faqat jinoyatga aloqador bo‘lgan axborot segmentlarini ajratib olishning huquqiy mexanizmlari asoslab berildi.
Xulosa. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi jinoyat-protsessual faoliyatda dalillar bilan ishlashning an’anaviy yondashuvlarini tubdan o‘zgartirmoqda. Xususan, raqamli dalillarni to‘plash va tekshirish jarayoni moddiy obyektlarga asoslangan klassik modeldan farqli ravishda, axborotning mantiqiy tabiatini, uning o‘zgaruvchanligini hamda texnik xususiyatlarini inobatga oluvchi yangi metodologiyani talab etadi. Kriminalistik nuqtai nazardan, iz tushunchasining transformatsiyasi, ya’ni moddiy shakldan raqamli shaklga o‘tishi, tergov faoliyatida tezkorlik va aniqlik tamoyillarining ustuvorligini belgilab beradi. Shu bilan birga, kiberjinoyatlarda shaxsni aniqlashning murakkabligi uch bosqichli identifikatsiya modeli orqali tizimli yondashuvni talab etishi asoslab berildi. Raqamli dalillar bilan ishlashda huquqiy va texnik bilimlarning integratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Tergovchining texnik savodxonligi dalillarning protsessual maqbulligini ta’minlashning zarur sharti sifatida namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning samaradorligi ularning qonuniy, texnik jihatdan to‘g‘ri va tezkor amalga oshirilishiga bevosita bog‘liqdir. Mazkur jarayonda inson huquqlari, ayniqsa shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bilan jinoyatni fosh etish manfaatlari o‘rtasida muvozanatni saqlash ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
•O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.1994-y. (2026-yil tahriri).
•O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y.
•O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni. 15.04.2022-yildagi O‘RQ-764-son // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.04.2022-y.
•O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni. 11.12.2003-yildagi 560-II-son // O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 10-modda.
•Casey E. Digital Evidence and Computer Crime: Forensic Science, Computers, and the Internet. 3rd Edition. – Academic Press, 2011. – 840 p.
•ISO/IEC 27037:2012. Information technology — Security techniques — Guidelines for identification, collection, acquisition and preservation of digital evidence.