IIV akademiyasi

KIBERJINOYAT TUSHUNCHASI VA UNING NAZARIY-HUQUQIY TALQINI

“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellektni qo‘llash, zamonaviy kibertahdidlami o‘rganish va raqamli kriminalistikaning dolzarb masalalari” mavzusi bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya / Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy masalalari

Yuklangan fayl

1D.KomilovmaqolaKibertushuncha.docx

Word hujjat DOCX

KIBERJINOYAT TUSHUNCHASI VA UNING NAZARIY-HUQUQIY TALQINI

Komilov Diyorbek Zokir o‘g‘li

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishi magistratura bosqichi tinglovchisi

E-mail: diyorbekkomilov2404@gmail.com

ANNOTATSIYA

Mazkur maqolada kiberjinoyat tushunchasining nazariy-huquqiy asoslari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Xususan, xalqaro hujjatlar, milliy qonunchilik va ilmiy adabiyotlarda kiberjinoyatga berilgan ta’riflar o‘rganilib, ularning o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi. Shuningdek, kiberjinoyat tushunchasining yagona universal ta’rifga ega emasligi sabablari yoritilib, muallif tomonidan umumlashtirilgan ta’rif taklif etiladi. Tadqiqot natijasida kiberjinoyat tushunchasining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida kengayib borayotgani asoslab beriladi.

Kalit so‘zlar: kiberjinoyat, kibermakon, axborot texnologiyalari, Budapesht konvensiyasi, kiberxavfsizlik, kompyuter jinoyatlari.

ПОНЯТИЕ КИБЕРПРЕСТУПНОСТИ И ЕГО ТЕОРЕТИКО-ПРАВОВАЯ ИНТЕРПРЕТАЦИЯ

АННОТАЦИЯ

В данной статье проводится комплексный анализ теоретико-правовых основ понятия киберпреступности. В частности, рассматриваются определения киберпреступности, представленные в международных документах, национальном законодательстве и научной литературе, а также выявляются их отличительные особенности. Кроме того, исследуются причины отсутствия единого универсального определения киберпреступности и приводится обобщённое определение, предложенное автором. В результате исследования обосновывается, что понятие киберпреступности непрерывно расширяется в соответствии с современными тенденциями развития.

Ключевые слова: киберпреступность, киберпространство, информационные технологии, Будапештская конвенция, кибербезопасность, компьютерные преступления.

CYBERCRIME CONCEPT AND ITS THEORETICAL-LEGAL INTERPRETATION

ABSTRACT
 This article provides a comprehensive analysis of the theoretical and legal foundations of the concept of cybercrime. In particular, definitions of cybercrime presented in international documents, national legislation, and academic literature are examined, and their distinctive features are identified. Additionally, the reasons why the concept of cybercrime lacks a single universal definition are explored, and a generalized definition proposed by the author is presented. As a result of the research, it is substantiated that the concept of cybercrime is continuously expanding in line with modern development trends.

Keywords: cybercrime, cyberspace, information technologies, Budapest Convention, cybersecurity, computer crimes.

KIRISH

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida jamiyat hayotining barcha sohalarida raqamlashtirish jarayonlari kuchayib bormoqda. Ushbu jarayon ijtimoiy munosabatlarning yangi shakllarini yuzaga keltirish bilan bir qatorda, jinoyatchilikning ham yangi ko‘rinishini – kiberjinoyatlarni paydo qildi. Bugungi kunda kiberjinoyatlar global miqyosda eng tez rivojlanayotgan jinoyat turlaridan biri bo‘lib, ular nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va siyosiy xavfsizlikka ham jiddiy tahdid solmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kiberjinoyatlar oqibatida yetkazilayotgan zarar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, “Cybersecurity Ventures” prognozlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kiberjinoyatlar natijasida yetkazilgan zarar 2015-yilda 3 trillion AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib zarar miqdori 10.5 trillion AQSh dollariga yetgan hamda 2027-yilga borib bu ko‘rsatkich 11 trillion AQSh dollaridan oshishi kutilmoqda, Bu esa mazkur hodisani chuqur ilmiy o‘rganish va uning nazariy-huquqiy asoslarini aniqlash zaruratini yuzaga keltiradi. Shu nuqtai nazardan, kiberjinoyat tushunchasini aniq belgilash, uning mazmun-mohiyatini ochib berish dolzarb ilmiy masalalardan biri hisoblanadi.

Kiberjinoyat tushunchasi xalqaro huquqiy hujjatlarda to‘liq va yagona shaklda ifodalanmagan. Biroq, ushbu tushunchaning asosiy elementlari Yevropa Kengashi tomonidan 2001-yilda qabul qilingan “Budapesht konvensiyasi”da o‘z aksini topgan bo‘lib, garchi unda aynan kiberjinoyat tushunchasiga aniq ta’rif berilmagan bo‘lsada, bir qancha kiberjinoyat turlariga ta’rif berib o‘tilgan va ular to‘rtta guruhlarga ajratilgan hamda har bir guruhga kiruvchi kiberjinoyatlar tavsiflangan. Shuning uchun Budapesht konvensiyasidan yuqoridagi tavsif va ta’riflarlarni umumlashtirgan holda kiberjinoyat tushunchasini kompyuter tizimlari, tarmoqlari va ma’lumotlariga qarshi yoki ular orqali sodir etiladigan yoxud axborot texnologiyalari vositasida intellektual mulk huquqini buzish, har-xil turdagi kontentlar yaratish, tarqatish ko‘rinishidagi jinoyatlarni tushunish mumkin.

Xalqaro hujjatlarda yagona ta’rifning mavjud emasligi, avvalo, kiberjinoyatlarning dinamik va tez o‘zgaruvchan xususiyati bilan izohlanadi. Texnologiyalar rivoji bilan yangi jinoyat turlari paydo bo‘lib borayotgani sababli qat’iy ta’rif berish amaliy jihatdan samarasiz bo‘lishi mumkin. Shu sababdan xalqaro huquq normalarida kiberjinoyat tushunchasiga yagona ta’rif berishdan ko‘ra, kiberjinoyatlarning aniq turlarini va ularning ta’riflarini belgilashga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Milliy darajada ham kiberjinoyatlar alohida huquqiy tartibga solingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunida “kiberjinoyatchilik – axborotni egallash, uni oʻzgartirish, yoʻq qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsadida kibermakonda dasturiy taʼminot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yigʻindisi.” deb ta’rif berilgan.

Ilmiy adabiyotlarda kiberjinoyatga berilgan ta’rif yanada kengroq va chuqurroq mazmunli, shuningdek juda xilma-xil ekanligni ko‘rishmiz mumkin. Olimlarning kiberjinoyat tushunchasi borasida fikri sezilarli darajada bir-biridan farq qiladi. Xususan, britaniyalik olim David S. Wall o‘z asarida kiberjinoyatlarning raqamli texnologiyalar bilan bog‘liqligi, axborot muhitiga ta’siri va ijtimoiy xavflilik darajasini tahliliy tarzda ochib bergan bo‘lib, garchi kiberjinoyat tushunchasining qa’tiy ta’rifini yozmagan bo‘lsada, umumiy qilib aytganda kiberjinoyatni - raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq hamda axborot muhitiga bevosita yoki bilvosita zarar yetkazuvchi ijtimoiy xavfli xatti-harakatlar majmui sifatida izohlaydi hamda kiberjinoyatni nafaqat texnik hodisa, balki ijtimoiy jarayon sifatida ham ko‘rsatadi.

 Ushbu sohadagi yana boshqa bir mashxur olimlar D.Halder va K.Jaishankar o‘z kitobida kiberjinoyatga “Jinoyat motivi asosida shaxs yoki shaxslar guruhiga qarshi, jabrlanuvchining obro‘siga qasddan putur yetkazish, unga jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish yoxud bevosita yoki bilvosita moddiy zarar keltirish maqsadida, Internet (chat xonalari, elektron pochta, e’lonlar taxtalari va guruhlar) hamda mobil telefonlar (SMS/MMS) kabi zamonaviy telekommunikatsiya tarmoqlari orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklar” deb ta’rif berishgan. Ularning ilmiy izlanishida asosiy e’tibor asosan kibermakonda ayollar va bollarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

 Milliy ilmiy adabiyotlarimizda ham kiberjinoyat tushunchasi haqida bir qancha fikrlar yuritilgan bo‘lib, xususan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi mualliflar jamoasi (G.F.Musayev va boshqalar) tomonidan ishlab chiqilgan “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar (kiberjinoyatlar): turlari, kvalifikatsiyalanishi va ularga nisbatan tergov harakatlarini o‘tkazish taktikasi” nomli o‘quv qo‘llanmasida kiberjinoyat tushunchasiga tor va keng ma’noda ta’rif berilgan bo‘lib, unda quyidagicha izohlangan: “tor ma’nodagi kiberjinoyatchilik (kompyuter jinoyati) – bu kompyuter tizimlari va ular tomonidan qayta ishlanadigan ma’lumotlarning xavfsizligiga qarshi qaratilgan elektron operatsiyalar ko‘rinishidagi har qanday noqonuniy xatti-harakatlar. Keng ma’nodagi kiberjinoyatchilik (kompyuterdan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar) – bu kompyuter tizimlari yoki tarmog‘i orqali yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlar, shu jumladan, kompyuter tizimlari yoki tarmoq orqali ma’lumotlarga noqonuniy egalik qilish, ularni noqonuniy taklif qilish yoki tarqatish kabi jinoyatlar”.

 Yuqorida turli yillarda turli xalqaro hujjatlar hamda tadqiqotchilar tomonidan keltirilgan kiberjinoyat tushunchasini ochib berish yuzasidan fikrlarni ko‘rib o‘tdik. Ulardagi bir qancha o‘xshashlik va xilma-xillilarni payqashimiz mumkin bo‘lib, buni yillar davomida axborot texnologylari rivojlanishi natijasida ularga mutanosib ravishda jinoyat turlarning o‘zgarib borishi bilan izohlash mumkin. Axborot texnologiyalari rivoji kiberjinoyat tushunchasining kengayib borishiga sabab bo‘ladi. Chunki zamonamizning raqamlash darajasi oshgani sari, raqamli texnologiyalar vositasida amalga oshiriladigan ijtimoy munosabatlarning ko‘lami ham ortib bormoqda. Buning natijasida ushbu ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq jinoyatlarning ham raqamli ko‘rinishdagi turlari paydo bo‘lmoqda. Shu nuqati-nazardan kelajakda ham kiberjinoyat tushunchasi yanda kengroq ma’no kasb etishi mumkinligini prognoz qilishimiz mumkin.

Mazkur ta’rif va fikrlarni tahlil qilgan hamda umumlashtirgan, hozirgi raqamli transformatsiya va rivojlanish jarayonlarini hisobga olgan holda kiberjinoyat tushunchasini quyidagicha izohlash maqsadga muvofiq deb hisoblanadi: “Kiberjinoyat – bu axborot texnologiyalar va kompyuter tizimlariga qarshi sodir etiladigan yoki ulardan foydalangan holda axborot resurslari, tizimlari, ma’lumotlar bazalariga yoki axborot texnologiyalari foydalanuvchilariga ma’naviy, moliyaviy, texnologik yoki boshqacha tarzda zarar yetkazishga qaratilgan har qanday jinoyat yoki huquqbuzarlikdir.

Mazkur ta’rif ilmiy jihatdan asosli hisoblanadi, chunki u kiberjinoyat tushunchasiga nisbatan xalqaro, milliy va doktrinal yondashuvlarni kompleks tarzda o‘zida mujassamlashtiradi. Xususan, Budapesht konvensiyasida kiberjinoyatlar kompyuter tizimlariga qarshi hamda ular yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklar sifatida tasniflangan bo‘lib, mazkur ta’rifda aynan shu ikki asosiy yo‘nalish umumlashtirilgan. Shu bilan birga, u milliy qonunchilikdagi yondashuvlarga mos ravishda axborot resurslari va tizimlariga zarar yetkazish elementlarini qamrab oladi hamda zamonaviy ilmiy qarashlarga muvofiq foydalanuvchilarga yetkaziladigan ma’naviy, moliyaviy va texnologik zararlarni ham o‘z ichiga oladi. Ta’rifning keng qamrovli va moslashuvchan shaklda ifodalanishi esa nafaqat an’anaviy, balki yangi paydo bo‘layotgan kiberjinoyat turlarini ham qamrab olish imkonini beradi, bu esa uni kiberjinoyat tushunchasining umumlashtirilgan va takomillashtirilgan nazariy talqini sifatida baholashga asos bo‘ladi.

XULOSA

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, kiberjinoyat tushunchasi zamonaviy huquqiy fanlarda murakkab va ko‘p qirrali kategoriya hisoblanadi. Xalqaro hujjatlarda uning yagona ta’rifi mavjud emasligi, bir tomondan, huquqiy moslashuvchanlikni ta’minlasa, boshqa tomondan, ilmiy izlanishlar uchun keng imkoniyat yaratadi. 

Milliy qonunchilikda kiberjinoyat tushunchasi aniqroq ifodalangan bo‘lsa-da, texnologiyalar rivoji bilan u ham takomillashtirib borilishi zarur. Ilmiy adabiyotlarda esa turli yondashuvlar mavjud bo‘lib, ular mazkur tushunchaning ko‘p qirrali tabiatini aks ettiradi.

Umuman olganda, kiberjinoyat tushunchasi kelajakda ham kengayib borishi kutilmoqda. Shu sababli, uni nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish, yagona konseptual yondashuvlarni ishlab chiqish zamonaviy huquqshunoslikning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Council of Europe, Convention on Cybercrime (Budapest Convention), 2001.

2. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, (1994-yil 2-sentabr).

URL: https://lex.uz/docs/-111453 (Murojaat qilingan sana:10.04.2026)

3. O'zbekiston Respublikasining Qonuni. “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”.

(O‘RQ-764, 15.04.2022). URL: https://lex.uz/docs/-5960604

(Murojaat qilingan sana:10.04.2026)

4. Jonathan Clough. Principles of Cybercrime. Cambridge University Press, 2015.

5. Wall D.S. Cybercrime: The Transformation of Crime in the Information Age. Cambridge: Polity Press, 2007.

6. Halder D., Jaishankar K. Cyber Crime and the Victimization of Women: Law, Rights and Regulaions. Hershey, PA: IGI Global, 2011.

7. G.F.Musayev va boshqalar. “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar (kiberjinoyatlar): turlari, kvalifikatsiyalanishi va ularga nisbatan tergov harakatlarini o‘tkazish taktikasi”. O‘quv qo‘llanma, Tashkent, Baktria press – 2020.

8. Cybersecurity Ventures. Cybersecurity Cost Report. Elektron manba.

URL: https://cybersecurityventures.com/wp-content/uploads/2023/11/CybersecurityCost.pdf

(Murojaat qilingan sana: 10.04.2026)

Abstract

Mazkur maqolada kiberjinoyat tushunchasining nazariy-huquqiy asoslari kompleks tarzda tahlil qilinadi. Xususan, xalqaro hujjatlar, milliy qonunchilik va ilmiy adabiyotlarda kiberjinoyatga berilgan ta’riflar o‘rganilib, ularning o‘ziga xos jihatlari aniqlanadi. Shuningdek, kiberjinoyat tushunchasining yagona universal ta’rifga ega emasligi sabablari yoritilib, muallif tomonidan umumlashtirilgan ta’rif taklif etiladi. Tadqiqot natijasida kiberjinoyat tushunchasining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida kengayib borayotgani asoslab beriladi.

Keywords

kiberjinoyat, kibermakon, axborot texnologiyalari, Budapesht konvensiyasi, kiberxavfsizlik, kompyuter jinoyatlari.