Yuklangan fayl
Xorijiy_davlatlar_tajribasida_dipfeyk_texnologiyalaridan_foydala_CXWLWby.docx
Xorijiy davlatlar tajribasida dipfeyk texnologiyalaridan foydalangan holda
sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari
Umirov Ozod Shirinboy o’g’li
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
magistratura bosqichi talabasi
Annotatsiya
Mazkur maqolada sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida yuzaga kelayotgan dipfeyk (“deepfake”) muammosining xorijiy davlatlar huquqiy tizimlarida tartibga solinishi kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya va Kanada tajribasi asosida dipfeykni jinoyat-huquqiy, fuqarolik-huquqiy va ma’muriy-huquqiy jihatdan tartibga solish modellari solishtirilgan. Shuningdek, platformalarga yuklatilgan majburiyatlar, majburiy markirovka tizimi hamda jabrlanuvchilarni himoya qilish mexanizmlarining o‘rni tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, dipfeyk bilan kurashishda yagona universal model mavjud emas, balki har bir davlat o‘z huquqiy tizimi va ijtimoiy ehtiyojlaridan kelib chiqib turli yondashuvlarni qo‘llamoqda. Maqolada O‘zbekiston uchun ham huquqiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so‘zlar: Dipfeyk, sun’iy intellekt, raqamli zo‘ravonlik, axborot xavfsizligi, platforma javobgarligi, majburiy markirovka, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi, kiberjinoyat, fuqarolik javobgarligi, jinoiy javobgarlik.
Annotation
This article provides a comprehensive analysis of the regulation of the deepfake problem emerging as a result of the rapid development of artificial intelligence technologies within the legal systems of foreign countries. The study compares models of criminal, civil, and administrative regulation of deepfakes based on the experiences of the United States, the European Union, the United Kingdom, China, South Korea, and Canada. It also examines the role of obligations imposed on platforms, mandatory labeling systems, and mechanisms for protecting victims. The findings indicate that there is no single universal model for combating deepfakes; rather, each country applies different approaches based on its legal system and societal needs. The article also proposes recommendations for improving legal policy in Uzbekistan.
Keywords: Deepfake, artificial intelligence, digital violence, information security, platform liability, mandatory labeling, personal data protection, cybercrime, civil liability, criminal liability.
Raqamli texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellekt vositalarining jadal rivojlanishi natijasida ko‘plab xorijiy davlatlar dipfeykni nafaqat axborot xavfsizligi yoki media muammosi, balki fuqarolik, ma’muriy va jinoiy-huquqiy choralarni talab qiladigan kompleks tahdid sifatida ko‘ra boshladi.
“Dipfeyk” atamasi ingliz tilidagi “deep learning” (chuqur o‘rganish) va “fake” (soxta) so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan. 2024-yil qabul qilingan Yevropa Ittifoqining “Sun’iy intellekt to’g’risida”gi akti 3-moddasida “Dipfeyk bu, sun’iy intellekt yordamida insonning ovozi, tasviri yoki videosini sun’iy ravishda yaratish yoki o‘zgartirish jarayonini anglatadi” deya ta’rif berilgan. Dipfeyk yuqori darajadagi realizmga ega bo‘lib, odatda inson ko‘ziga haqiqiydek ko‘rinadi va asl kontentdan ajratish qiyin bo‘ladi. Bunda yakuniy natija ko‘pincha inson ko‘ziga haqiqiydek ko‘rinadi va uni oddiy usullar bilan aniqlash qiyin bo‘ladi. Dipfeyk texnologiyalari asosan neyron tarmoqlar, xususan generativ adversarial tarmoqlar (GANs) asosida ishlaydi.
Xorijiy tajribani tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, dipfeykka qarshi huquqiy siyosat barcha mamlakatlarda bir xil emas. Ayrim davlatlar dipfeykni mavjud jinoyat tarkiblari doirasida kvalifikatsiya qilmoqda, boshqalari esa maxsus normalar joriy etmoqda. Yana bir guruh davlatlarda esa asosiy urg‘u dipfeyk kontentni majburiy markirovka qilish, platformalar zimmasiga tezkor o‘chirish majburiyatini yuklash va zarar ko‘rgan shaxsga fuqarolik-huquqiy himoya vositalarini taqdim etishga qaratilgan. Demak, xorijiy tajriba dipfeyk bilan kurashda yagona universal model emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi bir necha model mavjudligini ko‘rsatadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida dipfeyklarni tartibga soluvchi federal qonun mavjud emas. Ko‘plab shtatlar endilikda dipfeyk qonunchiligini ishlab chiqishmoqda. Jumladan, 2019-yil 18-martda Virjiniya shtati “majburlash, bezovta qilish yoki qo‘rqitish maqsadida tarqatiladigan pornografik mazmundagi dipfeyklarni taqiqlovchi qonunni birinchi bo‘lib qabul qilgan shtat bo‘ldi.
2019-yil 14-iyunda Texas shtati ham o‘z qonunini qabul qilib, siyosiy mazmundagi dipfeyklarni jinoyat deb e’tirof etdi.
Shu yilning 3-oktyabrida Kaliforniya shtati AB 730 va AB 602 qonunlarini qabul qildi. Kaliforniya shtatining AB 730-sonli qonuni bo‘yicha saylovdan oldingi oltmish kun ichida siyosiy dipfeyklarni tarqatish noqonuniy hisoblanadi. Qonunda parodiya yoki satira uchun istisnolar ko‘zda tutilgan. AB 602-sonli qonuni esa pornografik mazmundagi dipfeyklar bo‘yicha fuqarolarga shaxsiy da’vo huquqini taqdim etadi. 2019-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda 48 shtatda “dipfeyk” kalit so‘zi ishtirok etgan jami 319 ta qonun loyihasi aniqlangan. Biroq ulardan faqat 74 tasi qonun sifatida qabul qilingan. Ushbu qonunlar dipfeyklarning turli sohalarini qamrab oladi.
Siyosiy dipfeyk qonunlari dipfeyklarni keng ma’noda ta’riflaydi va saylovchilarni aldash yoki siyosiy nomzodlarga zarar yetkazish niyatini ta’kidlaydi. Masalan, Delaver shtatining HB 316-sonli qonuni dipfeykni quyidagicha ta’riflaydi:
“Dipfeyk” – bu nomzod yoki siyosiy partiyani obro‘siga putur yetkazish yoki saylovchini aldash maqsadida tasvirlanadigan sun’iy kontent bo‘lib, quyidagilardan biri yoki ikkalasi qo‘llaniladi:
•sun’iy kontent inson tomonidan real shaxsning qilmagan ishini qilayotgandek yoki aytayotgandek, yoxud tasvirlayotgandek ko‘rinadi;
•sun’iy kontent insonning asl, o‘zgartirilmagan tasvir, audio yozuv yoki video yozuvdan olgan asosiy tushunchasi yoki taassurotiga nisbatan katta farq qiladigan tushuncha yoki taassurot beradi.
AQSh tajribasining asosiy xususiyati shundaki, dipfeyk bo‘yicha tartibga solish uzoq vaqt federal emas, balki shtatlar darajasida shakllandi. Shu bois AQShda dipfeyk jinoyatlari uchun javobgarlik fragmentar xarakterga ega bo‘lib, saylovlarga ta’sir qiluvchi dipfeyklar, pornografik dipfeyklar va shaxsning roziligisiz intim tasvirlarni tarqatish bo‘yicha turli shtatlarda turlicha mexanizmlar ishlab chiqilgan. 2025-yilda esa federal darajada “TAKE IT DOWN Act” (“Veb-saytlar va tarmoqlarda texnologik dipfeyklar orqali amalga oshiriladigan ekspluatatsiyani to‘xtatish vositalari to‘g‘risida qonun”) qabul qilinib, u shaxsning roziligisiz tayyorlangan intim harakterdagi vizual materiallar, shu jumladan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta tasvirlar va raqamli texnologiyalar orqali qalbakilashtirilgan tasvirlarni qamrab olgan holda, bunday materiallarni qasddan e’lon qilishni jinoiy qilmish sifatida e’tirof etdi hamda platformalarga shikoyat olingandan keyin 48 soat ichida bunday kontentni olib tashlash majburiyatini ham yukladi. Mazkur “xabardor qilish va olib tashlash” (“notice-and-removal”) mexanizmini amalga oshirish vakolati Federal Savdo Komissiyasi zimmasiga yuklatilgan.
AQShda dipfeyk bilan kurashning muhim yo‘nalishlaridan biri saylov jarayonini himoya qilishdir. Kaliforniya shtatining AB 730 qonuniga ko‘ra, saylovga 60 kun qolganda nomzodga oid mazmunan chalg‘ituvchi audio yoki vizual materiallarni haqiqiydek ko‘rsatib tarqatish, agar bu saylovchini chalg‘itish yoki nomzod obro‘siga putur yetkazish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, taqiqlanadi. Qonun, shuningdek, jabrlangan nomzodga buzilgan huquqlarini sud orqali himoya qilish va zararlarni undirish imkonini beradi hamda satira, parodiya, yangilik va tegishli izoh bilan berilgan materiallar uchun istisnolar nazarda tutadi. Bu yondashuv shuni ko‘rsatadiki, qonun chiqaruvchi so‘z erkinligi bilan demokratik jarayonni himoya qilish o‘rtasida muvozanatni saqlashga harakat qiladi.
Pornografik dipfeyklar bo‘yicha ham AQShda shtatlar darajasida maxsus himoya vositalari shakllangan. Masalan, Kaliforniyaning AB 602 qonuni tasviri ishlatilgan shaxsga, uning roziligisiz yaratilgan yoki oshkor qilingan jinsiy mazmundagi dipfeyk material bo‘yicha fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atish huquqini beradi. Mazkur norma materialni yaratgan va qasddan tarqatgan shaxsni ham, uni o‘zi yaratmagan bo‘lsa-da, roziliksiz yaratilganini bilib turib oshkor qilgan shaxsni ham qamrab oladi.
AQSh yondashuvi, umuman olganda, ikki yo‘nalishda rivojlandi: bir tomondan, zararli oqibat keltirib chiqargan qilmishlarni jinoiy qilmish sifatida e’tirof etish, ikkinchi tomondan, fuqarolik-huquqiy himoyani kengaytirish. Shunday qilib, AQSh tajribasining ustun tomoni uning amaliy ahamiyatga ega bo’lgani va shtatlar bo‘yicha differensiallashganligidadir. Biroq kamchiligi ham mavjud: yagona universal federal model uzoq vaqt bo‘lmagani sababli turli shtatlarda himoya darajasi bir xil emas edi. 2025-yildagi federal qonun bu bo‘shliqni qisman to‘ldirdi, ammo saylov jarayonlaridagi dipfeyklari, shaxsning obro’siga putur yetkazish va boshqa ko‘rinishlar bo‘yicha tartibga solish hanuz sezilarli darajada shtatlar kesimida qolmoqda.
Yevropa Ittifoqida dipfeyk texnologiyalari bilan bog‘liq tartibga solish ko‘proq preventiv, shaffoflikka asoslangan va umumiy huquqlarni himoya qilishga yo‘naltirilgan. Bu modelda dipfeyk, avvalo, insonni manipulyatsiya qilish va axborot tizimining yaxlitligiga putur yetkazish xavfi sifatida ko‘riladi. Shu ma’noda, Yevropa Ittifoqining “Sun’iy intellekt to’g’risidagi” akti dipfeyk bo‘yicha eng muhim zamonaviy huquqiy manbalardan biri hisoblanadi. Yevropa Komissiyasining rasmiy izohlariga ko‘ra, “Sun’iy intellekt to’g’risidagi” akt dunyodagi birinchi keng qamrovli sun’iy intellekt huquqiy tizimi bo‘lib, uning 50-moddasida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent va dipfeyk tushunchalarini belgilash, ularni aniqlash va markirovka qilish bo‘yicha shaffoflik majburiyatlarini nazarda tutadi.
Yevropa Ittifoqining ushbu modelida dipfeyk har doim ham “alohida jinoyat” sifatida emas, balki xavfli sun’iy kontent turi sifatida tushuniladi. Yevropa Komissiyasi tarkibida tashkil etilgan Yevropa Sun’iy intellekt ofisi tomonidan olib borilayotgan ishlarda ham aynan shu yondashuv ko‘rinadi: ishlab chiqaruvchi va deployerlar (ishlab chiquvchilar va tizimni amaliyotga joriy etuvchi subyektlar) yaratgan yoki o‘zgartirgan kontentni mashina o‘qiy oladigan shaklda belgilashi, foydalanuvchilarga esa bu kontent sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki manipulyatsiya qilinganini anglash imkonini berishi kerak. Bu yondashuv jinoyat sodir bo‘lgandan keyingi jazodan ko‘ra ularni oldini olish, aniqlash va shaffoflikni oshirishga urg‘u beradi.
Yevropa Ittifoqida dipfeyk bilan bog‘liq yana bir tayanch mexanizm — shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hisoblanadi. Yevropa Komissiyasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, biometrik ma’lumotlar, sog‘liq, jinsiy hayotga oid ma’lumotlar “yuqori darajada himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlar” hisoblanadi va ularga nisbatan maxsus ishlov berish shartlari mavjud. Dipfeyk, ayniqsa shaxsning yuzi, ovozi va boshqa identifikatsion belgilari asosida yaratilganda, ko‘pincha biometrik yoki shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liq huquqiy masalalarni keltirib chiqaradi. Demak, Yevropa yondashuvida dipfeykni tartibga solish faqat media yoki jinoiy-huquq masalasi emas, balki ma’lumotlarni muhofaza qilish masalasidir. Yevropa modelining kuchli jihati shundaki, u texnologiyaning o‘zini emas, undan kelib chiqadigan xavf va zararlarni tizimli boshqarishga intiladi. Kamchiligi esa shundaki, barcha dipfeyk turlariga nisbatan yagona jinoiy-huquqiy reaksiya mavjud emas: ko‘plab holatlarda milliy qonunchilik, ma’lumotlarni muhofaza qilish organlari va platforma majburiyatlari birgalikda ishlashi talab qilinadi. Shunday bo‘lsa-da, aynan Yevropa Ittifoqi dipfeykni markirovka qilish bo‘yicha eng rivojlangan normativ arxitekturani shakllantirmoqda.
Buyuk Britaniya tajribasi alohida e’tiborga loyiq, chunki u dastlab dipfeykni mustaqil texnologik kategoriya sifatida emas, balki shaxsning tasvirlaridan (foto yoki video) foydalanish orqali unga nisbatan zo‘ravonlik yoki zarar yetkazish doirasida tartibga sola boshladi. 2023-yilda qabul qilingan “Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha platformalarga noqonuniy kontentni aniqlash, xavflarni kamaytirish va olib tashlash bo‘yicha yangi vazifalar yuklatilgan. GOV.UK ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 17-martdan boshlab platformalarda noqonuniy kontentga nisbatan qonuniy himoya majburiyatlari kuchga kirgan, Kommunikatsiyalar boshqarmasi esa keng nazorat qilish va sanksiya qo’llash vakolatlariga ega, jumladan global tushumning 10 foizigacha moliyaviy jarima qo‘llash imkoniyatiga ega. Buyuk Britaniyada 2025-yilda ochiq jinsiy mazmundagi dipfeyklar bo‘yicha yanada qat’iy yondashuv shakllandi. Adliya vazirligining 2025-yil 22-yanvardagi rasmiy matbuot anjumanida aytilishicha, shaxsning roziligisiz yaratilgan ochiq jinsiy mazmundagi dipfeyklarni jinoyat sifatida belgilash maqsadida yangi jinoyat tarkibi “Ma’lumotlar to’g’risidagi Bill” doirasida kiritildi. Rasmiy izohga ko‘ra, ushbu yangi jinoyat kimnidir yalang‘och yoki jinsiy harakatda tasvirlayotgandek ko‘rinadigan sun’iy obrazlarni ham qamrab oladi. Hukumat bu bilan oldingi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirayotganini alohida ta’kidlagan. Shu bilan birga, Buyuk Britaniyada roziliksiz intim tasvirlarni ulashish yoki ulashish bilan tahdid qilish avvalroq ham jinoyat deb tan olingan bo‘lib, 2024-yildan e’tiboran mazkur turdagi kontentni tarqatish bilan bog‘liq qilmishlar “Onlayn xavfsizlik to’g’risidagi Akt” doirasida ustuvor toifadagi jinoyatlar sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa platformalarning faqat shikoyat tushgandan keyin emas, balki aktiv ravishda bunday kontentni topishi va olib tashlashiga ham huquqiy zamin yaratadi. Demak, Britaniya modeli ikki qatlamli: birinchi qatlam — kontentni yaratish va ulashish uchun shaxsiy javobgarlik, ikkinchi qatlam — platformalarning tizimli mas’uliyati. Britaniya tajribasidan ko‘rinadiki, dipfeykka qarshi samarali kurashish uchun shunchaki “dipfeyk yaratishni taqiqlash” yetarli emas. Agar platformalarning faol majburiyatlari belgilanmasa, zararli kontent bir necha soat ichida millionlab foydalanuvchilarga tarqalishi mumkin. Shu bois Buyuk Britaniya modeli O‘zbekiston uchun ham muhim xulosa beradi: jinoiy norma bilan bir qatorda, platformaga yo‘naltirilgan tezkor o‘chirish mexanizmi zarur.
Xitoy dipfeykni tartibga solishda eng markazlashgan va qat’iy ma’muriy-regulyator modelni qo‘llayotgan davlatlardan biridir. “Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent texnologiyalariga asoslangan internet axborot xizmatlarini ma’muriy tartibga solish to‘g‘risidagi nizom” qoidalari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent xizmatlariga nisbatan bevosita qo‘llanadi va ularning internet-axborot xizmatlarida ishlatilishini tartibga soladi. Bu yerda e’tibor faqat yakuniy foydalanuvchining xatti-harakatiga emas, balki texnologiyani taqdim etuvchi servislar, platformalariga ham qaratilgan. Xitoyning 2025-yil qabul qilingan “Sun’iy intellekt asosida yaratilgan kontentni belgilash (markirovkalash) chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizom” hujjati esa bu tizimni yanada kuchaytirdi. Unda un’iy intellekt asosida yaratilgan kontent uchun ochiq va yashirin markirovka tushunchalari kiritilgan, servis provayderlari kontentga ko‘rinadigan belgilar qo‘yishi, “metadata” ichiga esa yashirin texnik belgilar joylashtirishi, platformalar esa bunday “metadata”ni tekshirishi va foydalanuvchilarga sun’iy kontent haqida aniq xabar berishi shartligi belgilangan. Hujjatga ko‘ra, foydalanuvchilar ham bunday turdagi kontent joylashtirayotganda uni sun’iy ravishda yaratilgan kontent ekanligini e’lon qilishi kerak. Markirovka belgilarini qasddan o‘chirish, yashirish yoki soxtalashtirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Xitoy modelining o‘ziga xosligi shundaki, u dipfeykni faqat “zarar yuz berganidan keyin” jazolashga emas, balki kontentning butun hayotiy siklini boshqarishga urinadi. Ya’ni, algoritmni hujjatlashtirish va saqlash, xavfsizlik bahosi, markirovka, metadata, platforma nazorati va loglarni saqlash bir butun tizim sifatida ko‘riladi. Bu modelning kuchli tomoni — oldini olish va texnologik audit imkoniyatlari yuqori. Biroq kamchiligi shundaki, u kuchli davlat nazorati va platforma ustidan markazlashgan boshqaruvni talab qiladi.
Xitoy tajribasining eng muhim jihati shundaki, dipfeyk xavfiga qarshi faqat jinoiy jazo emas, balki majburiy shaffoflik, izchillik va texnik identifikatsiya instrumentlari ham samarali vosita bo‘la oladi. Bu, ayniqsa, O‘zbekistonda kelajakda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentni majburiy belgilash bo‘yicha alohida talablar ishlab chiqish masalasida dolzarbdir.
Janubiy Koreya Respublikasi dipfeyk, ayniqsa ochiq jinsiy mazmundagi dipfeyklarlar bo‘yicha eng keskin jinoiy-huquqiy choralarni ko‘rgan davlatlardan biri sifatida ajralib turadi. 2024-yilda mamlakatda Telegram ijtimoiy tarmog’i guruhlarida katta miqdorda noqonuniy dipfeyk pornografik materiallar tarqalishi jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Reuters xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya politsiyasi 2024-yilda 800 dan ortiq jinsiy mazmundagi dipfeyk holatlari bilan shug‘ullangan, bu esa 2021-yildagi 156 ta holat bilan taqqoslanganda nihoyatda katta o‘sishni ko‘rsatadi. Eng tashvishli jihat shundaki, ko‘plab jabrlanuvchilar va ayblanuvchilar voyaga yetmaganlar bo‘lgan. Shu fonda Janubiy Koreya qonun chiqaruvchisi 2024-yil sentabrida ochiq jinsiy mazmundagi dipfeyklarni nafaqat yaratish va tarqatish, balki saqlash, sotib olish va tomosha qilishni ham jinoiy qilmish sifatida e’tirof etuvchi qonunni qabul qildi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qonun bo‘yicha bunday materialni tomosha qilish yoki saqlash uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 30 million von miqdorida jarima, yaratish va tarqatish bilan bog‘liq holatlarda esa jazoni 7 yilgacha kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu juda muhim burilishdir, chunki ko‘plab davlatlarda jazo asosan bunday mazmundagi dipfeyk yaratgan va tarqatuvgan shaxsga qaratilgan bo‘lsa, Janubiy Koreya noqonuniy ravishda saqlash, sotib olish va tomosha qilishni ham jinoyat huquqi orqali bostirishga urinmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Seul siyosiy byurosi materiallarida qayd etilishicha, Janubiy Koreyaning 2024-yildagi “Dipfeyk asosidagi jinsiy turdagi jinoyatlarga qarshi javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” jazolarni kuchaytirish bilan birga, platformalarning “kontentni o‘chirish va bloklash” bo‘yicha majburiyatlarini kengaytirishni va chet el platformalari bilan hamkorlikni ham nazarda tutadi. Demak, Janubiy Koreya modeli sof repressiv emas - u jazo, platforma mas’uliyati va jabrlanuvchini qo‘llab-quvvatlash elementlarini birlashtirgan. Janubiy Koreya tajribasining eng muhim sabog‘i shundaki, dipfeyk pornografiya oddiy “internet bezoriligi” emas, balki raqamli gender zo‘ravonlik va jinsiy ekspluatatsiyaning yangi shakli sifatida ko‘rilishi kerak. Shu bois Janubiy Koreyada bu masala axborot xavfsizligi emas, balki jinsiy turdagi jinoyatlar va jabrlanuvchi huquqlarini himoya qilish doirasida tartibga solinmoqda. Bu yondashuv ilmiy nuqtayi nazardan ham eng asosli modellardan biri hisoblanadi.
Kanadada esa Jinoyat kodeksining 162.1-moddasi shaxsiy intim tasvirlarni roziliksiz tarqatishni jinoyat deb belgilaydi. Hozircha barcha dipfeyk holatlari bo‘yicha yagona maxsus federal norma shakllanib ulgurmagan bo‘lsa-da, ayrim viloyatlar va siyosiy tashabbuslar, xususan onlayn zarar yetkazish va dipfeyk intim tasvirlar masalasini bevosita ko‘tarayotgan loyihalar, kelgusida yanada maxsus tartibga solish ehtiyoji borligini ko‘rsatmoqda. Bu model jinoiy-huquqiy himoya bilan bir qatorda fuqarolik-huquqiy himoya va tezkor mexanizmlarga ehtiyoj kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.
Yuqoridagi tahlil shuni ko‘rsatadiki, xorijiy davlatlar dipfeyk jinoyatlariga qarshi kamida to‘rtta asosiy modelni qo‘llamoqda. Birinchi model — jinoyat tarkibini bevosita kriminalizatsiya qilish bo‘lib, bunda ayniqsa Janubiy Koreya va so‘nggi bosqichda Buyuk Britaniya yaqqol ajralib turadi. Ikkinchi model — fuqarolik-huquqiy himoya, ya’ni jabrlanuvchiga zararlarni undirish, injunktiv himoya va kontentni olib tashlash talabini qo‘yish imkonini berish; bunda AQShning ayrim shtatlari, xususan Kaliforniya misol bo‘la oladi. Uchinchi model — platformalar zimmasiga majburiyat yuklash, bu asosan Buyuk Britaniya, AQShning federal tizimi va Yevropa Ittifoqida namoyon bo‘ladi. To‘rtinchi model esa — majburiy markirovka va texnologik kuzatuv, bu borada Xitoy va qisman Yevropa Ittifoqi oldinda turadi.
Bundan tashqari, xorijiy tajriba dipfeykni bir xil turdagi huquqbuzarlik sifatida emas, balki kamida uchta asosiy xavf zonasi bo‘yicha tasniflaydi: birinchisi — intim va pornografik dipfeyklar; ikkinchisi — saylov va siyosiy manipulyatsiya; uchinchisi — firibgarlik va boshqa shaxs nomidan o‘zini ko‘rsatish. Shu sababli, samarali qonunchilik ham “dipfeyk” degan bitta umumiy atama bilan cheklanib qolmasligi, balki zararli oqibat turlariga qarab alohida tarkiblar yoki kvalifikatsiyalovchi belgilarni nazarda tutishi maqsadga muvofiq.
Xorijiy tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, dipfeyk bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda faqat umumiy tuhmat, haqorat, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish yoki pornografiya haqidagi moddalarga tayanish yetarli emas. Chunki dipfeykning o‘ziga xos xususiyati — uning ishonarlilik darajasi yuqoriligi, tez tarqalishi, ommaviy platformalarda ko‘payishi va ko‘pincha avtomatlashtirilgan tarzda ko‘p nusxada ishlab chiqarilishi — an’anaviy jinoyatlardan farq qiladi. Shu bois xorijiy amaliyot O‘zbekiston uchun ham alohida jinoiy norma yoki kamida amaldagi jinoyat tarkiblariga “sun’iy ravishda yaratilgan yoki manipulyatsiya qilingan audio, video va tasvirlardan foydalanish”ni kvalifikatsiyalovchi belgi sifatida kiritish zarurligini ko‘rsatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
•European Commission. AI Act: Regulatory framework for Artificial Intelligence.https://digital-strategy.ec.europa.eu/en/policies/regulatory-framework-ai
•Virginia Legislature, House Bill 2678, regular session 2019. Enacted March 18, 2019.
•Texas Legislature, Senate Bill 751, 86th Legislature 2019. Enacted June 14, 2019.
•California Legislature, AB 730 and AB 602, regular session (2019–2020). Enacted October 3, 2019.
•Delaware Legislature. House Bill 316, 152 General Assembly 2023–2024. Enacted October 9, 2024.
•Tools to Address Known Exploitation by Immobilizing Technological Deepfakes on Websites and Networks Act ("TAKE IT DOWN Act") https://www.ftc.gov/legal-library/browse/statutes/tools-address-known-exploitation-immobilizing-technological-deepfakes-websites-networks-act-take-it
•California Legislature. AB-730: Elections: deceptive audio or visual media, 2019.
•California Legislature. AB-602: Depictions of individuals: sexually explicit material,2019
•European Commission. AI Act: Regulatory framework for Artificial Intelligence.
•European Parliament and Council. Artificial Intelligence Act (AI Act), Article 50 — Transparency obligations.
•European Commission. Code of Practice on AI-generated content and deepfake labelling.
•UK Parliament. Online Safety Act 2023.
•UK Government. Online Safety Act: explainer and implementation timeline.
•https://www.chinalawtranslate.com/en/deep-synthesis/
•https://www.chinalawtranslate.com/en/ai-labeling/
•Reuters. (2024). Why South Korea is on high alert over deepfake sex crimes.
https://www.reuters.com/world/asia-pacific/why-south-korea-is-high-alert-over-deepfake-sex-crimes-2024-08-30/
•Reuters / AP. (2025). South Korea mandates labels on AI-generated ads to curb deepfakes. https://www.reuters.com/
•https://www.undp.org/policy-centre/seoul
•Kanada Jinoyat kodeksi, R.S.C., 1985, c. C-46, s. 162.1.