Yuklangan fayl
Maqola_2026.docx
RAQAMLI DALILLAR VA ELEKTRON MA’LUMOTLAR BILAN ISHLASHNING PROTSESSUAL HUQUQIY MUAMMOLARI
Annotatsiya. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligida elektron ma’lumotlar va raqamli dalillarning huquqiy maqomi, ularni olish, saqlash va ko‘zdan kechirish jarayonlari tahlil qilinadi. Shuningdek, raqamli dalillarni muomalaga kiritish va ularning yaxlitligini ta’minlash bilan bog‘liq mavjud muammolar yoritilib, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish zarurati asoslab beriladi. Tadqiqotda elektron dalillarni tergov harakatlari davomida nusxalash, saqlash va tahlil qilish jarayonlarida mutaxassis ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari suriladi.
Kalit so‘zlar: elektron ma’lumotlar, raqamli dalillar, jinoyat protsessi, dalillar yaxlitligi, tergov harakatlari, axborot texnologiyalari, mutaxassis ishtiroki.
Аннотация. В данной статье анализируется правовой статус электронных данных и цифровых доказательств в уголовно-процессуальном законодательстве Республики Узбекистан, а также порядок их получения, хранения и осмотра. Рассматриваются существующие проблемы, связанные с введением цифровых доказательств в уголовный процесс и обеспечением их целостности. Обосновывается необходимость совершенствования действующего законодательства. Предлагаются меры по усилению участия специалистов при копировании, хранении и анализе электронных доказательств в ходе следственных действий.
Ключевые слова: электронные данные, цифровые доказательства, уголовный процесс, целостность доказательств, следственные действия, информационные технологии, участие специалиста.
Abstract. This article analyzes the legal status of electronic data and digital evidence in the criminal procedure legislation of the Republic of Uzbekistan, as well as the procedures for their collection, storage, and examination. It highlights existing challenges related to the procedural introduction of digital evidence and the assurance of its integrity. The study substantiates the need to improve current legislation and proposes strengthening the involvement of specialists in the processes of copying, preserving, and analyzing electronic evidence during investigative actions.
Keywords: electronic data, digital evidence, criminal procedure, integrity of evidence, investigative actions, information technologies, expert participation.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasi o’laroq so‘nggi yillarda davlat boshqaruvi tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish global tendensiyaga aylanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini modernizatsiya qilishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Natijada, ijtimoiy munosabatlarning muhim qismi raqamli muhitda shakllanib, bu holat nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga, balki huquqbuzarliklar sodir etilish shakllariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan, jinoyatchilikning raqamli makonga ko‘chishi natijasida yangi turdagi axborot manbalari — elektron ma’lumotlar va raqamli dalillar vujudga kelmoqda. Mazkur dalillar jinoyat ishini yuritishda muhim isbotlash vositasi sifatida namoyon bo‘lib, ularning protsessual maqomi, ishonchliligi va yuridik kuchini aniqlash masalasi esa dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu jihatdan, raqamli dalillarni to‘plash, saqlash va baholashning samarali protsessual-huquqiy mexanizmlarini shakllantirish zamonaviy jinoyat protsessining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mazkur masalaning yetarli darajada tartibga solinmaganligi esa sud-huquq amaliyotida dalillarning ishonchliligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasida prokuratura organlari faoliyatini tubdan isloh qilish, uning samaradorligi, shaffofligi va tezkorligini oshirish maqsadida “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mazkur strategiya prokuratura organlarini kompleks raqamli transformatsiya qilishga qaratilgan bo‘lib, unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt hamda integratsiyalashgan axborot tizimlarini joriy etish orqali huquqiy nazoratning yangi bosqichini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida barcha jarayonlarni — jinoyat haqidagi murojaatdan tortib, sud qarorlari ijrosigacha bo‘lgan bosqichlarni to‘liq raqamlashtirish belgilangan.
Alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlardan biri — raqamli nazorat va raqamli ekspertiza institutlarining joriy etilishidir. Xususan, davlat organlari axborot tizimlarida real vaqt rejimida monitoringni ta’minlovchi “raqamli nazorat” funksiyasini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni erta aniqlash va ularning oldini olish imkoniyati kengayadi. Bu esa nazorat faoliyatini an’anaviy tekshiruvlardan ko‘ra ancha samarali va tizimli shaklga o‘tkazadi.
Shu bilan birga, strategiyada axborot tizimlari va resurslarini yaratish hamda modernizatsiya qilish jarayonlarida ularni majburiy raqamli ekspertizadan o‘tkazish mexanizmi nazarda tutilgan. Mazkur yondashuv axborot tizimlarining sifatini, xavfsizligini va ularning nazorat funksiyalariga mosligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Raqamli ekspertiza orqali tizimlarning texnik va funksional talablarga muvofiqligi baholanadi, bu esa kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy va texnologik xatoliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, strategiyada raqamli kriminalistika va sud ekspertizasi yo‘nalishlarini rivojlantirish alohida vazifa sifatida belgilangan. Bu esa elektron dalillar bilan ishlash, ularni yig‘ish, saqlash va tahlil qilish jarayonlarini takomillashtirish orqali tergov sifatini yangi bosqichga olib chiqadi. Ayniqsa, “E-tergov” tizimi doirasida sud ekspertizasini onlayn tayinlash, elektron hujjatlarning haqqoniyligini tekshirish hamda ularni himoyalash kabi imkoniyatlar joriy etilishi raqamli dalillarning ishonchliligini oshiradi.
Umuman olganda, “Raqamli prokuratura – 2030” strategiyasi nafaqat prokuratura organlari faoliyatini avtomatlashtirish, balki huquqiy tizimda raqamli boshqaruv, sun’iy intellekt asosidagi tahlil va raqamli ekspertiza mexanizmlarini shakllantirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlashning zamonaviy modelini yaratishga xizmat qiladi. Mazkur yondashuv kelgusida samarali, shaffof va ishonchli huquqni muhofaza qilish tizimini barpo etishda muhim nazariy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Albatta bunday islohotlar zamirida mavjud qonunchilikka kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida huquqni qo‘llovchi shaxslar uchun amaliyotda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi.
Shubhasiz, zamonaviy jinoyat protsessida isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni aniqlashda dalillar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ular jinoyat protsessining eng murakkab va muhim elementlaridan biri bo‘lib, amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilik ularning turlari, ularni to‘plash, tekshirish va baholash xususiyatlarini batafsil tartibga solishga katta e’tibor qaratadi.
Shu bilan birga, jinoyat-protsessual faoliyat doirasida dalillar bilan bog‘liq ayrim masalalar bir necha yillardan beri hal etilmay qolmoqda. Shunday masalalardan biri — elektron ma’lumotlarni olish, saqlash va ulardan foydalanishni protsessual tartibga solish bo‘lib, u huquqiy jihatdan eng murakkab sohalardan biri hisoblanadi. Olimlar ta’kidlashicha, “raqamlashtirish mahsulotlari zamonaviy dunyoda daliliy va qidiruv axborotining muhim manbai hisoblanadi”, shuningdek elektron tashuvchilarda axborotni saqlash texnologiyalarining jadal rivojlanishi ularni muomalaga kiritish tartibini qonunchilikda mos ravishda tartibga solishni talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligida elektron axborot va raqamli dalillar alohida huquqiy kategoriyalar sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, 204-moddaga muvofiq, Elektron maʼlumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlardir.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron maʼlumotlarni ushbu maʼlumotlarning koʻchirma nusxasini elektron jismdan elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.
Tergovga kadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan birlamchi elektron jismlarni koʻzdan kechiradi.
Mazkur norma elektron ma’lumotlarni olish va taqdim etish jarayonini rasmiylashtirishda protsessual tartibni belgilab beradi. Tergovga qadar tekshiruv organi mansabdor shaxslari, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan bunday ma’lumotlar mutaxassis ishtirokida qabul qilinishi hamda ularning birlamchi elektron tashuvchilari ko‘zdan kechirilishi talab etiladi. Bu esa elektron ma’lumotlar bilan ishlashda maxsus bilim va texnik vositalarga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, 204-moddada raqamli dalillar tushunchasi yanada kengroq talqin qilinadi: ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlansa, yoʻl qoʻyiladi.
Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga yoʻl qoʻyilishi oʻzidan mazkur koʻchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʻozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.
Tergovga kadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio-, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.
Raqamli dalilning koʻchirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.
Bunda qonunchilik raqamli dalillardan ko‘chirma nusxa olish imkonini ham nazarda tutadi, biroq bunda ularning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlanishi shartligi alohida ta’kidlanadi.
Shuningdek, raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalari guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va boshqa ishtirokchilar tomonidan qog‘oz shaklida ham taqdim etilishi mumkinligi belgilangan bo‘lsa-da, bunday shakl mustaqil yozma dalil sifatida tan olinmasligi ko‘rsatilgan. Bu yondashuv raqamli axborotning o‘ziga xos tabiatini, ya’ni uning elektron shakldagi asl holati bilan uzviy bog‘liqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Umuman olganda, O‘zbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligida elektron ma’lumotlar va raqamli dalillar mustaqil dalil turi sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, amaliyotda, xususan tergov harakatlarini amalga oshirish jarayonida ularning yaxlitligini ta’minlash, saqlash va himoya qilish bo‘yicha aniq va samarali protsessual kafolatlar yetarli darajada tizimlashtirilmagan. Natijada, raqamli dalillarni olish va ulardan foydalanish jarayonida ularning o‘zgarmasligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-texnik choralar ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketmoqda.
Jumaladan, jinoyat-protsessual kodeksining 135-moddasida ko‘zdan kechirish tergov harakati asoslari belgilangan bo‘lib, unda “jinoyat izlari, ashyoviy dalillarni topish, hodisa sodir bo‘lgan vaziyatni va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashtirish maqsadida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hodisa sodir bo‘lgan joyni, murdani, hayvonlarni, tevarak-atrofni, binolarni, narsalarni, hujjatlarni va elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechiradi”, deb aytiladi.
Navbatdagi, ko‘zdan kechirish chog‘ida amalga oshiriladigan harakatlarni ko‘zda tutuvchi 136-modda ikkinchi qismida “Zarur hollarda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘lchov o‘tkazadi, fotosuratga, kinotasvirga, video yozuvga tushiradi, rejalar, sxemalar, chizmalar tuzadi, izlardan qoliplar va nusxalar oladi”, deb belgilangan.
Biroq aynan shu nuqtada elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida ularni nusxalash va tahlil qilish masalasi ko‘zda tutilmagan.
Shu sababli, elektron dalillarning haqqoniyligini kafolatlash, ularni o‘zgartirishdan himoya qilish va keyinchalik tadqiq qilish imkoniyatini ta’minlash uchun qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish zarur. Xususan, bu borada tergov harakatlari davomida elektron dalillarni saqlash, nusxalash va tahlil qilish jarayonlarida mutaxassislar ishtirokini ta’minlash maqsadida 136-modda mazmunini yangi uchinchi qism bilan quyidagicha to‘ldirish lozim, deb hisoblaymiz: “Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud elektron ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida mutaxassis ishtirokini ta’minlab, zarur hollarda elektron ma’lumotlarni saqlaydi, nusxalaydi, tahlil qiladi.”
Umuman olganda, yuqorida bayon etilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligida elektron ma’lumotlar va raqamli dalillar mustaqil isbotlash vositasi sifatida huquqiy jihatdan e’tirof etilgan bo‘lsa-da, ularni olish, saqlash, ko‘zdan kechirish hamda eng muhimi ularning yaxlitligini ta’minlashga doir protsessual mexanizmlar hali yetarli darajada mukammal tizimlashtirilmagan. Amaldagi normalarda elektron dalillarni muomalaga kiritish tartibi umumiy tarzda belgilangan bo‘lib, ularning o‘zgarmasligini kafolatlovchi aniq texnik va protsessual choralar yetarlicha aks etmagan.
Bu esa, o‘z navbatida, tergov va sud amaliyotida raqamli dalillarning ishonchliligini ta’minlash, ularni keyinchalik tekshirish va baholash jarayonida ayrim noaniqliklar va amaliy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois, elektron ma’lumotlar bilan ishlashning barcha bosqichlarida — ularni aniqlashdan tortib, nusxalash, saqlash va ekspertizadan o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayonlarda — mutaxassis ishtirokini majburiy tartibda belgilash hamda maxsus protsessual kafolatlarni kuchaytirish zarurati dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Demak, raqamli dalillar institutini takomillashtirish, ularning yaxlitligi va ishonchliligini ta’minlashga qaratilgan aniq protsessual mexanizmlarni joriy etish jinoyat protsessining samaradorligini oshirish hamda odil sudlovni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
•O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi.
•Raqamli prokuratura – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida PF-204 son
•Kornakova S.V., Chigrina E.V. Electronic evidence in Russian criminal proceedings: problematic aspects. Juridical Journal of Samara University, 2025.
•Zuev S.V. Raqamli dalillar tasnifi bo‘yicha monografiya.
•Rossinskiy S.B. Jinoyat protsessida dalillar nazariyasi.
•Kolichenko A.A. Elektron axborotning protsessual xususiyatlari.
•Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va jinoyat protsessi bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plami.