IIV akademiyasi

Raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy tahlili hamda kriminologik ahamiyati

“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellektni qo‘llash, zamonaviy kibertahdidlami o‘rganish va raqamli kriminalistikaning dolzarb masalalari” mavzusi bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya / Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida raqamli kriminalistikaning dolzarb masalalari va amaliy yechimlar

Yuklangan fayl

3-maqola.docx

Word hujjat DOCX

Raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy tahlili hamda kriminologik ahamiyati.

Husanova Iroda Ilhomjon qizi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishi magistranti

husanovairoda317@gmail.com

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarda raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy asoslari hamda ularning kriminologik ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida raqamli dalillarning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan ularning virtual tabiatga egaligi va yuqori darajada o‘zgaruvchanligi an’anaviy ashyoviy dalillar bilan qiyosiy yondashuv asosida yoritilgan. Shuningdek, kiberjinoyatchilikni fosh etishda “Virtual shaxs – Qurilma – Jismoniy shaxs” o‘zaro bog‘liqligini aniqlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Raqamli ma’lumotlarning sud jarayonida maqbulligini ta’minlashda xesh-qiymatlarning ahamiyati hamda tergov jarayonida shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq etik va huquqiy masalalar ilmiy jihatdan asoslanadi.

Kalit so‘zlar: kiberjinoyat, raqamli dalillar, dalillarni to’plash va tekshirish, raqamli kriminalistika, dalillarning maqbulligi, shaxsiy hayot daxlsizligi.

Theoretical and legal analysis and criminological significance of collecting and examining digital evidence.

ABSTRACT

This article analyzes the theoretical and legal foundations of collecting and verifying digital evidence in information technology crimes and their criminological significance. During the study, the specific features of digital evidence, in particular their virtual nature and high volatility, are highlighted on the basis of a comparative approach with traditional physical evidence. Also, the mechanisms for determining the relationship “Virtual Person - Device - Physical Person” in exposing cybercrime are considered. The importance of hash values ​​in ensuring the admissibility of digital data in court and the ethical and legal issues related to ensuring privacy in the investigation process are scientifically substantiated.

Keywords: cybercrime, digital evidence, evidence collection and verification, digital forensics, admissibility of evidence, privacy.

Zamonaviy davrda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni transformatsiya qildi, balki jinoyatchilikning ham yangi, transchegaraviy ko‘rinishlarini yuzaga keltirdi. Kiber-makonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar an’anaviy isbot qilish jarayoni oldiga yangi texnologik va huquqiy vazifalarni qo‘ymoqda. Jinoyat ishining haqiqiy holatlarini aniqlashda raqamli ma’lumotlarning o‘rni kundan-kunga ortib borayotgan bir sharoitda, raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-metodologik asoslarini tadqiq etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasida belgilangan isbot qilish bosqichlari raqamli muhitda o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Raqamli dalillarni an’anaviy moddiy dalillardan ajratib turuvchi virtual tabiat, o‘ta o‘zgaruvchanlik (fragility) va transchegaraviylik kabi omillar ularni to‘plash va tekshirish metodikasini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Ushbu tadqiqot doirasida raqamli dalillarni to‘plash va tekshirish tushunchalarining huquqiy tahlili, ularning kriminologik va protsessual ahamiyati hamda raqamli identifikatsiya zanjirini ta’minlashning o‘ziga xos jihatlari ko‘rib chiqiladi.

Jinoyat protsessida isbot qilish instituti muhim o‘rin egallab, u jinoyat ishining haqiqiy holatlarini aniqlashga qaratilgan protsessual faoliyat sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 85-moddasiga muvofiq, isbot qilish jarayoni dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash bosqichlaridan iborat bo‘lib, ushbu bosqichlar o‘zaro uzviy bog‘liq holda amalga oshiriladi. Mazkur jarayonning dastlabki va hal qiluvchi bosqichi aynan dalillarni to‘plash hisoblanadi, chunki keyingi barcha protsessual harakatlar aynan to‘plangan dalillarga tayanadi.

JPKning 87-moddasida dalillarni to‘plash surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan tergov hamda sud harakatlarini o‘tkazish orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu norma mazmunidan kelib chiqib, dalillarni to‘plash jarayoni uchta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi: dalillarni aniqlash, ularni protsessual tartibda mustahkamlash hamda olib qo‘yish. An’anaviy yondashuvda ushbu jarayon asosan moddiy obyektlar bilan bog‘liq bo‘lib, dalilni to‘plash deganda uni jismoniy jihatdan egallash, masalan, tintuv o‘tkazish orqali ashyoviy dalilni topish va uni belgilangan tartibda olib qo‘yish tushuniladi.

Biroq, zamonaviy axborot texnologiyalari rivoji natijasida raqamli dalillar muomalaga kirib kelishi bilan “dalillarni to‘plash” tushunchasi yangi mazmun kasb eta boshladi. Raqamli muhitda dalil jismoniy obyekt emas, balki elektron shakldagi ma’lumot — ya’ni raqamli kodlar majmuasidan iborat bo‘ladi. Shu sababli, faqat qurilmani olib qo‘yish bilan dalilni to‘plash to‘liq amalga oshirilgan deb bo‘lmaydi. Aksincha, asosiy e’tibor aynan qurilma ichidagi axborotni aniqlash va uni protsessual jihatdan to‘g‘ri qayd etishga qaratiladi.

Raqamli dalillarni to‘plash jarayonida, avvalo, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan elektron ma’lumotlar manbai aniqlanadi. Bu jarayon an’anaviy obyektni topishdan farqli ravishda, IP-manzillar, log-fayllar, foydalanuvchi faoliyati izlari kabi mantiqiy axborotlarni aniqlashni nazarda tutadi. Keyingi bosqichda esa mazkur ma’lumotlar maxsus texnik vositalar yordamida nusxalanadi. Amaliyotda bu jarayon bitma-bit nusxa olish (imaging) orqali amalga oshirilib, bunda ma’lumotlarning asl holati saqlanib qoladi hamda ularning yaxlitligi xesh-qiymatlar yordamida tasdiqlanadi.

Shu jihatdan, raqamli muhitda dalillarni to‘plash jarayoni jismoniy olib qo‘yishdan ko‘ra, virtual egallash mazmunini anglatadi. Ya’ni, dalil tashuvchi qurilmani emas, balki undagi axborotni aniqlash, nusxalash va protsessual tartibda mustahkamlash muhim hisoblanadi. Bu esa jinoyat-protsessual faoliyatda yangi metodologik yondashuvni talab etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, raqamli dalillarni to‘plash — bu ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma’lumotlarni aniqlash, ularning yaxlitligini ta’minlagan holda nusxalash va protsessual tartibda qayd etishdan iborat murakkab jarayondir. Mazkur yondashuv raqamli dalillarni to‘plashning mohiyatini to‘liq aks ettirib, ularni an’anaviy dalillardan farqli ravishda talqin qilish zaruratini asoslaydi.

Raqamli dalillarni to‘plash bosqichi yakunlangach, jinoyat ishini yuritishda navbatdagi muhim jarayon — ularni tekshirish masalasi yuzaga keladi. Mazkur bosqichning asosiy vazifasi to‘plangan raqamli ma’lumotlar orasidan ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlash, ularni tahlil qilish va protsessual jihatdan mustahkamlashdan iboratdir. Shu nuqtai nazardan, “tekshirish” tushunchasining huquqiy tabiati va uning Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tergov harakatlari bilan o‘zaro nisbati alohida ilmiy tahlilni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 135–139-moddalarida tartibga solingan ko‘zdan kechirish tergov harakati sifatida jinoyat izlarini aniqlash, voqea joyi va ashyolarning holatini o‘rganishga qaratilgan. An’anaviy huquqiy yondashuvda ko‘zdan kechirish tergovchining bevosita sezgi a’zolari orqali idrok etishiga asoslanadi. Biroq raqamli dalillar tabiatining o‘ziga xosligi ushbu yondashuvni to‘liq qo‘llash imkonini bermaydi.

Birinchidan, raqamli ma’lumotlar ko‘pincha yashirin yoki tizim darajasida saqlanadigan ko‘rinishga ega bo‘lib, ularni oddiy vizual kuzatish orqali aniqlashning imkoni yo‘q. Masalan, o‘chirilgan fayllar, metadata, log yozuvlari yoki shifrlangan axborotlar maxsus dasturiy vositalarsiz idrok etilmaydi. Ikkinchidan, raqamli qurilmalarni ko‘zdan kechirish jarayonida ularni faollashtirish zarurati yuzaga keladi, bu esa avtomatik tizim jarayonlari sababli ma’lumotlarning o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Bu holat esa dalillarning o‘zgarmasligini ta’minlash talabiga zid keladi.

Shu sababli, raqamli dalillarni tekshirishni an’anaviy “ko‘zdan kechirish” tushunchasi doirasida talqin qilish yetarli emas. Aksincha, mazkur jarayonni maxsus bilim va texnik vositalarga asoslangan murakkab tahlil sifatida ko‘rish maqsadga muvofiqdir.

Amaliyotda raqamli dalillarni chuqur tekshirish ko‘pincha JPKning 225-moddasiga muvofiq sud ekspertizasi orqali amalga oshiriladi. Ekspertiza fan va texnika sohasidagi maxsus bilimlardan foydalanib, dalillarning xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqotdir. Raqamli dalillarni tekshirish jarayonining mazmuni ham aynan shunday yondashuvni talab etadi. Chunki zamonaviy kiber-kriminalistikada “Autopsy”, “EnCase”, “FTK Imager” kabi maxsus dasturiy vositalar yordamida ma’lumotlarning chuqur tahlili amalga oshiriladi. Ushbu vositalar orqali nafaqat mavjud fayllar, balki o‘chirilgan yoki yashirin ma’lumotlar ham tiklanishi va tahlil qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, raqamli dalillarni tekshirish jarayoni to‘liq ravishda ekspertiza bilan tenglashtirilmaydi. Dissertatsiya doirasida ilgari surilayotgan yondashuvga ko‘ra, bu jarayon o‘zida ikki xil protsessual shaklni mujassam etadi. Birinchi shakl — tergovchi tomonidan mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladigan dastlabki tahlil bo‘lib, bunda ma’lumotlarning ishga aloqadorligi aniqlanadi. Ikkinchi shakl esa maxsus laboratoriya sharoitida o‘tkaziladigan chuqur texnik tadqiqot — ya’ni sud ekspertizasidir.

Shundan kelib chiqib, raqamli dalillarni tekshirishning huquqiy tabiatini quyidagicha izohlash mumkin: u maxsus texnik vositalar yordamida axborotni uning mantiqiy va strukturaviy qatlamlari darajasida tahlil qilishga qaratilgan, ham tergov, ham ekspert faoliyati elementlarini o‘zida mujassam etgan kompleks protsessual jarayondir. Bu jarayonda metadata bilan ishlash, fayl tizimini tahlil qilish va yashirin izlarni aniqlash asosiy ahamiyat kasb etadi.

Raqamli dalillar bilan ishlash jarayonida kriminalistika fanining an’anaviy nazariy asoslari sezilarli darajada transformatsiyaga uchraydi. Xususan, iz tushunchasining mazmuni ham jiddiy o‘zgarishga ega bo‘lib, u jismoniy mavjudlikdan mantiqiy mavjudlikka o‘tish bilan tavsiflanadi.

An’anaviy kriminalistikada izlar doimo moddiy shaklda namoyon bo‘ladi. Masalan, barmoq izi inson terisidagi yog‘-ter qatlamining muayyan predmet yuzasida qolishi natijasida hosil bo‘lib, uni maxsus vositalar yordamida aniqlash va tadqiq etish mumkin. Bunday izlar bevosita sezgi a’zolari orqali idrok etiladi va moddiy dalil sifatida mustahkamlanadi.

Raqamli muhitda esa jinoyat sodir etish jarayoni ko‘pincha jismoniy ishtiroksiz amalga oshiriladi. Natijada, jinoyatchi an’anaviy izlar o‘rniga mantiqiy, ya’ni raqamli izlarni qoldiradi. Bunday izlarga IP-manzillar, tizim log-fayllari, brauzer tarixlari (cookie-fayllar) hamda boshqa elektron yozuvlar kiradi. Ular jismoniy jihatdan idrok etilmasa-da, foydalanuvchi faoliyatining barcha bosqichlarini aniqlik bilan qayd etadi. Shu tariqa, kriminalistik iz tushunchasi o‘zining an’anaviy “moddiy shakl” mazmunidan chiqib, “raqamli kod” ko‘rinishiga o‘tadi.

Raqamli izlarning yana bir muhim xususiyati — ularning o‘ta o‘zgaruvchanligidadir. Klassik kriminalistikada izlar ma’lum vaqt davomida o‘z holatini saqlab qolishi mumkin bo‘lsa, raqamli izlarning mavjudlik muddati ko‘pincha juda qisqa bo‘ladi. Masalan, operativ xotirada (RAM) saqlanadigan ma’lumotlar qurilma o‘chirilishi bilan darhol yo‘qoladi, ayrim log yozuvlari esa yangi ma’lumotlar bilan tezda ustma-ust yozilib ketishi mumkin.

Mazkur holat tergov faoliyatida yangi yondashuvni talab etadi. An’anaviy “shoshilmasdan ko‘zdan kechirish” prinsipi o‘rnini raqamli muhitda “tezkor fiksatsiya qilish” zarurati egallaydi. Ya’ni, raqamli izlarni o‘z vaqtida aniqlash va saqlab qolish kechiktirilsa, muhim dalillarni butunlay yo‘qotish xavfi yuzaga keladi.

Shu bilan birga, kriminalistikaning asosiy tamoyillari raqamli muhitda ham o‘z ahamiyatini saqlab qoladi, biroq ularning qo‘llanish shakli o‘zgaradi. Xususan, identifikatsiya jarayonida an’anaviy barmoq izlari o‘rniga raqamli muhitda xesh-qiymatlar qo‘llanilib, ma’lumotlarning ayniyligi matematik usullar orqali aniqlanadi. Dalillarni mustahkamlash jarayonida esa oddiy bayonnoma tuzish bilan cheklanib qolmasdan, raqamli ma’lumotlarning yaxlitligini tasdiqlovchi xesh-kodlar ham qayd etilishi zarur hisoblanadi.

Kriminalistika fanida “voqea joyi” tushunchasi an’anaviy ravishda tergov harakatlarining markaziy elementi sifatida qaraladi. Biroq, axborot texnologiyalarining rivojlanishi ushbu tushunchaning mazmunini sezilarli darajada o‘zgartirib, uni jismoniy makondan mantiqiy muhitga ko‘chirdi.

An’anaviy jinoyatlarda voqea joyi aniq hududiy chegaraga ega bo‘lgan jismoniy makon sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘g‘rilik sodir etilgan xonadon yoki savdo obyekti tergov uchun asosiy nuqta hisoblanadi. Bu yerda tergovchi jinoyatchining kirish-chiqish yo‘llarini aniqlaydi, uning jismoniy mavjudligidan qolgan izlarni topadi hamda ularni protsessual tartibda mustahkamlaydi.

Raqamli muhitda esa voqea joyi tushunchasi mutlaqo boshqacha mazmun kasb etadi. Kiberjinoyatlarda jinoyat sodir etilgan joy ko‘pincha jismoniy makon bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Masalan, bank kartasidan noqonuniy pul yechish holatida voqea joyi sifatida jabrlanuvchining qurilmasi, bank ilovasidagi foydalanuvchi akkaunti, tranzaksiyalar amalga oshirilgan to‘lov tizimlari hamda ma’lumotlar saqlanadigan server infratuzilmasi qaraladi. Shu bois, voqea joyi tushunchasi virtual xarakter kasb etib, u axborot tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar doirasida shakllanadi.

Mazkur farqlar tergov harakatlari algoritmida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. An’anaviy jinoyatlarda tergovchi voqea joyini izolyatsiya qiladi, moddiy izlarni aniqlaydi va ularni jismoniy tarzda olib qo‘yadi. Raqamli muhitda esa asosiy e’tibor tezkorlikka va ma’lumotlarni saqlab qolishga qaratiladi. Xususan, tergovchi tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, log-fayllar va boshqa elektron ma’lumotlarning o‘chib ketmasligini ta’minlaydi, shundan so‘ng raqamli qurilmalar va tarmoq faoliyati maxsus vositalar yordamida tahlil qilinadi.

Raqamli dalillarni fiksatsiya qilish jarayoni ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. An’anaviy dalillar jismoniy tarzda muhrlanib, paketlarda saqlansa, raqamli dalillar elektron nusxa ko‘rinishida olinadi va ularning yaxlitligi xesh-qiymatlar orqali tasdiqlanadi. Shu tariqa, dalillarni mustahkamlashning asosiy mezoni sifatida jismoniy emas, balki matematik yaxlitlik ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, raqamli muhitda vaqt omili alohida ahamiyatga ega. An’anaviy jinoyatlarda izlar ma’lum vaqt davomida saqlanishi mumkin bo‘lsa, kiberjinoyatlarda ma’lumotlar juda tez yo‘qolishi yoki o‘zgartirilishi ehtimoli yuqori. Shu sababli, tergov harakatlari maksimal darajada tezkorlik bilan amalga oshirilishi zarur. Ilmiy adabiyotlarda ham ta’kidlanishicha, elektron izlar bilan ishlashda vaqt omili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, ularning o‘z vaqtida qayd etilmasligi dalillarni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishda ham sezilarli farqlar kuzatiladi. An’anaviy bayonnomalarda asosan jismoniy obyektlarning holati tasvirlansa, raqamli muhitda bayonnoma mazmuni texnik ko‘rsatkichlar — IP-manzillar, vaqt belgilar (timestamp), foydalanuvchi faoliyati va boshqa elektron parametrlar bilan boyitiladi. Bu esa tergovchidan nafaqat huquqiy, balki texnik bilimlarga ham ega bo‘lishni talab etadi.

Kiber-makonda sodir etiladigan jinoyatlar an’anaviy kriminologiyaning ikki muhim ustuni — makon va vaqt tushunchalarini butunlay o‘zgartirib yubordi. Raqamli dalillarni to‘plashdagi muvaffaqiyat aynan ushbu ikki omilni to‘g‘ri baholashga bog‘liq.

1. Vaqt omili: An’anaviy jinoyatda dalil (masalan, qon izi yoki pichoq) haftalab o‘z holatini saqlashi mumkin bo‘lsa, kiber-makonda ma’lumotlar o‘ta o‘zgaruvchan xususiyatga ega. Operativ xotira tarkibidagi izlar qurilma o‘chishi bilan soniyalar ichida yo‘qoladi.Ko‘pgina serverlar va tarmoq qurilmalari log-fayllarni (log files) ma’lum vaqtdan keyin (masalan, har 24 soatda) avtomatik ravishda yangilab, eskisini o‘chirib yuboradi.

Kiber-tergovda tezkorlik hayotiy zarurat hisoblanadi. Jinoyatchi masofadan turib bir necha tugmani bosish orqali barcha raqamli izlarni o‘chirib tashlashi mumkin.Internet provayderlar IP-manzillarni foydalanuvchilarga vaqtincha biriktiradi. Agar ma’lumot o‘z vaqtida olinmasa, ushbu IP-manzil keyingi soatda boshqa shaxsga tegishli bo‘lib chiqishi mumkin.

2. Transchegaraviylik: Kiberjinoyatning eng murakkab jihati uning eksterritorial tabiatidir. Masalan, O‘zbekistondagi foydalanuvchining bank kartasidan pul o‘g‘irlagan shaxs AQSHdagi proksi-serverdan foydalangan bo‘lishi, o‘g‘irlangan mablag‘lar esa Germaniyadagi kripto-hamyonga tushishi mumkin. An’anaviy tintuv faqat tergovchi vakolatiga kiradigan hududda o‘tkaziladi. Raqamli dalil esa boshqa davlat yurisdiksiyasidagi bulutli serverda (Cloud storage) bo‘lishi mumkin.

Kiberjinoyatlarni tergov qilish jarayonida eng murakkab masalalardan biri — raqamli faoliyat ortida turgan haqiqiy shaxsni aniqlash hisoblanadi. An’anaviy jinoyatlardan farqli ravishda, kiberjinoyatlarda jinoyatchi o‘z shaxsini turli texnik vositalar yordamida yashiradi, bu esa identifikatsiya jarayonini murakkablashtiradi. Shu sababli, kriminalistikada bunday shaxsni aniqlash ko‘p bosqichli tizimli yondashuv asosida amalga oshiriladi.

Mazkur jarayonni shartli ravishda uch bo‘g‘inli identifikatsiya zanjiri sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Birinchi bosqich — virtual shaxsni aniqlash bo‘lib, u jinoyatchining internetdagi identifikatorlari, ya’ni loginlar, elektron pochta manzillari, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar yoki messenjerlardagi foydalanuvchi nomlari orqali aniqlanadi. Ushbu bosqich jinoyatchining raqamli muhitdagi faoliyat doirasini belgilash imkonini beradi, biroq u bevosita real shaxsni aniqlash uchun yetarli asos bo‘lib xizmat qilmaydi.

Ikkinchi bosqich — moddiy qurilmani aniqlash hisoblanadi. Har qanday raqamli faoliyat muayyan texnik vosita orqali amalga oshirilgani sababli, IP-manzillar, tarmoq jurnallari (log-fayllar), shuningdek qurilma identifikatorlari (IMEI, MAC-manzil) orqali jinoyat sodir etishda foydalanilgan qurilmani aniqlash mumkin. Shu bilan birga, IP-manzillar dinamik bo‘lishi, umumiy tarmoqlardan foydalanilishi yoki VPN va proxy xizmatlari orqali yashirilishi mumkinligini inobatga olish zarur. Demak, ushbu bosqichda olingan ma’lumotlar mustaqil emas, balki boshqa dalillar bilan o‘zaro bog‘liqlikda baholanishi lozim.

Uchinchi bosqich — jismoniy shaxsni aniqlash bo‘lib, bunda aniqlangan qurilmadan aynan kim foydalanganini isbotlash talab etiladi. Qurilma egasi va undan foydalangan shaxs har doim ham bir xil bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli, ushbu bosqichda qo‘shimcha dalillar — videokuzatuv yozuvlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, biometrik ma’lumotlar yoki boshqa tasdiqlovchi axborotlardan foydalanish zarur bo‘ladi.

Raqamli dalillar nafaqat jinoyatni isbotlash vositasi, balki jinoyatchining shaxsiy xususiyatlarini aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Kriminalistikada bu modus operandi, ya’ni jinoyat sodir etish usulini tahlil qilish orqali amalga oshiriladi. Ushbu yondashuv jinoyatchining tayyorgarlik darajasi, texnik bilimlari va harakatlar uslubini aniqlash imkonini beradi.

Xususan, tergov davomida qurilmada anonimlashtiruvchi vositalar (VPN, proxy-serverlar), shifrlash dasturlari yoki fishing sahifalarini yaratishga oid vositalarning aniqlanishi jinoyatning oldindan rejalashtirilganligini ko‘rsatishi mumkin. Biroq, ushbu holatni avtomatik ravishda yuqori intellektual daraja bilan bog‘lash har doim ham to‘g‘ri emas, chunki bunday vositalar keng ommaga ochiq bo‘lib, ulardan foydalanish maxsus chuqur bilimlarni har doim ham talab qilmaydi.

Bundan tashqari, raqamli izlar asosida shaxsning xulq-atvorini tahlil qilish ham mumkin. Masalan, internet qidiruv tizimlaridagi so‘rovlar tarixi, tashrif buyurilgan sahifalar yoki yozishmalar mazmuni orqali shaxsning qiziqishlari, faoliyat vaqti hamda ehtimoliy niyatlari haqida muayyan xulosalar chiqarish mumkin. Shu bilan birga, bunday ma’lumotlar bevosita aybni isbotlovchi dalil emas, balki bilvosita ahamiyatga ega bo‘lib, ular boshqa dalillar bilan tasdiqlanishi zarur. Masalan, jinoyat sodir etilishidan oldin noqonuniy harakatlarga oid qidiruv so‘rovlari mavjudligi shaxsning kriminogen niyatini bilvosita ko‘rsatishi mumkin, biroq bu holat yakka o‘zi yetarli isbot sifatida baholanmaydi.

Raqamli dalillarni to‘plash va tekshirish jarayoni faqatgina algoritm va qurilmalardan iborat emas. Bu jarayonning markazida inson — bir tomondan jinoyatni fosh etuvchi tergovchi, ikkinchi tomondan esa huquqlari himoya qilinishi shart bo‘lgan shaxs (subyekt) turadi. Nazariy jihatdan ushbu munosabatlar kiber-fazoda etika va daxlsizlik muvozanatini talab qiladi. Raqamli dalillar bilan ishlashda tergovchining "texnik savodxonligi" shunchaki ko‘nikma emas, balki protsessual kafolat hisoblanadi.Ko‘pgina tergovchilarda murakkab raqamli texnologiyalar oldida "texnik qo‘rquv" mavjud. Bu qo‘rquv dalillarni noto‘g‘ri to‘plashga yoki mutaxassisga haddan tashqari tayanib qolishga olib keladi. Tergovchi raqamli dalilni to‘plashda o‘zining protsessual mustaqilligini saqlab qolishi uchun raqamli axborotning tabiatini chuqur anglagan bo‘lishi shart. Tergovchining bilimsizligi dalilning yo‘q qilinishiga yoki uning yuridik kuchini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.

Raqamli dalillarni to‘plashda eng katta etik va huquqiy muammo — bu shaxsning daxlsiz yozishmalari va shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishdir. Masalan, kiberjinoyatchining smartfoni olib qo‘yilganda, unda jinoyatga aloqador bo‘lmagan minglab shaxsiy suratlar, oilaviy yozishmalar va sog‘liqqa oid ma’lumotlar bo‘ladi.Tergovchi va mutaxassis faqatgina jinoyatga daxldor bo‘lgan (relevant) ma’lumotlarni ajratib olishi, shaxsning shaxsiy hayotiga oid boshqa sirlarni oshkor qilmasligi shart. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida belgilangan shaxsiy hayot daxlsizligi huquqining kiber-makondagi aksidir.

Raqamli dalillarni tekshirishda inson omili "subyektivizm" xavfini tug‘diradi. Tergovchi yoki ekspert ma’lumotlarni o‘zi xohlagan (ayblovga mos keladigan) tomonga talqin qilmasligi uchun etik tamoyillar ishlab chiqilishi zarur.Raqamli dalillarni to‘plash jarayoni shunday o‘tkazilishi kerakki, u nafaqat ayblovchi, balki shaxsni oqlovchi ma’lumotlarni ham (agar ular mavjud bo‘lsa) qamrab olishi lozim.

Tergovchining etik munosabati jabrlanuvchi bilan muloqotda ham muhim. Kiberjinoyat qurbonlari ko‘pincha shaxsiy ma’lumotlari ochiqlanganidan psixologik zarba olgan bo‘ladilar. Tergovchining raqamli dalillarni "ehtiyotkorlik bilan" (privacy-preserving) yig‘ishi jamiyatda huquq-tartibot organlariga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, raqamli dalillarni to‘plash va tekshirish jarayoni an’anaviy dalillardan farqli ravishda axborotning yaxlitligini saqlash, texnik aniqlik va maxsus protsessual tartiblarga rioya etishni talab etadi. Raqamli izlar orqali jinoyat mexanizmini aniqlash hamda shaxsni identifikatsiya qilish imkoniyati kengayadi. Shu bilan birga, dalilning maqbulligi uni olish jarayonining qonuniyligi va texnik jihatdan to‘g‘riligiga bevosita bog‘liq. Mazkur jarayonda inson huquqlari, xususan shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash muhim shart hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.09.1994-y. (2026-yil tahriri).

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y.

O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni. 15.04.2022-yildagi O‘RQ-764-son // Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.04.2022-y.

O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni. 11.12.2003-yildagi 560-II-son // O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 10-modda.

Casey E. Digital Evidence and Computer Crime: Forensic Science, Computers, and the Internet. 3rd Edition. – Academic Press, 2011. – 840 p.

Векшов В.Б. Процессуальные аспекты изъятия электронной информации в современных условиях. – М.: Юрлитинформ, 2019. – 192 с.

ISO/IEC 27037:2012. Information technology — Security techniques — Guidelines for identification, collection, acquisition and preservation of digital evidence.

Abstract

Ushbu maqolada axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarda raqamli dalillarni to‘plash va tekshirishning nazariy-huquqiy asoslari hamda ularning kriminologik ahamiyati tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida raqamli dalillarning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan ularning virtual tabiatga egaligi va yuqori darajada o‘zgaruvchanligi an’anaviy ashyoviy dalillar bilan qiyosiy yondashuv asosida yoritilgan. Shuningdek, kiberjinoyatchilikni fosh etishda “Virtual shaxs – Qurilma – Jismoniy shaxs” o‘zaro bog‘liqligini aniqlash mexanizmlari ko‘rib chiqiladi. Raqamli ma’lumotlarning sud jarayonida maqbulligini ta’minlashda xesh-qiymatlarning ahamiyati hamda tergov jarayonida shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq etik va huquqiy masalalar ilmiy jihatdan asoslanadi.

Keywords

kiberjinoyat, raqamli dalillar, dalillarni to’plash va tekshirish, raqamli kriminalistika, dalillarning maqbulligi, shaxsiy hayot daxlsizligi.